Yoshlar bilan ishlashda tizimli yondashuv va yangi imkoniyatlar
25.02.2026 15:22:01 13
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvda ilgari surgan tashabbuslari mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yaqqol namoyon etdi. Har haftaning payshanba kunini “Yoshlar kuni” etib belgilash tashabbusi esa yoshlar bilan ishlash tizimini yanada manzilli, ochiq va natijador shaklga olib chiqadi.
Mazkur yondashuv asosida vazirlik, idora va hokimlik rahbarlarining mahalla, maktab va texnikumlarga borib, yoshlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganishi — amaliy muloqot mexanizmining muhim ko‘rinishidir. Bu tizim yoshlarning ta’lim olishi, kasb va xorijiy til o‘rganishi, sport bilan shug‘ullanishi, ishga joylashishi hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga kompleks ko‘mak berishni nazarda tutadi.
Ayniqsa, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi doirasida 40 mingdan ortiq yoshlarni biznesga o‘qitish, nufuzli xorijiy oliygohlar — Harvard University, Stanford University, London School of Economics tajribasi asosida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish tashabbusi yoshlar salohiyatini xalqaro standartlar darajasida rivojlantirishga xizmat qiladi. Dasturni muvaffaqiyatli yakunlagan eng yaxshi loyihalarga imtiyozli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining joriy etilishi esa yoshlarning biznes tashabbuslarini real iqtisodiy natijaga aylantirish imkonini beradi.
Shuningdek, “Yosh tadbirkorlar” tanlovi orqali eng istiqbolli loyihalarni brend darajasiga olib chiqish, banklar huzurida konsalting kompaniyalar tashkil etish, minglab yosh tadbirkorlarga biznes-reja ishlab chiqishda amaliy yordam ko‘rsatish kabi choralar tizimli qo‘llab-quvvatlash modelini shakllantiradi. Eng yaxshi 40 ta startap loyihasiga 2 milliard so‘m ajratilishi innovatsion g‘oyalarni rag‘batlantirishda muhim omil bo‘ladi.
Ijtimoiy yo‘naltirilgan tashabbuslar ham alohida e’tiborga loyiq. “Fikringni ber (Voice Up)” inklyuziv oromgohi hamda “O‘sish va rivojlanish (Upshift)” startap loyihasining kengaytirilishi yoshlarning ijtimoiy faolligi, kreativ fikrlashi va tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Xususan, Samarqand shahrida xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohini tashkil etish tashabbusi hududlararo va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga zamin yaratadi.
Dekan o‘rinbosari sifatida mazkur tashabbuslarni oliy ta’lim muassasamiz miqyosida samarali amalga oshirish, talabalarni startap, tadbirkorlik va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni ustuvor vazifa deb bilaman. Ishonamanki, yaratilayotgan imkoniyatlar va berilayotgan ishonch yoshlarimizni yanada bilimli, raqobatbardosh va tashabbuskor avlod sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.
Omonboy ERGASHEV
Yoshlar bilan ishlash bo’yicha dekan o’rinbosari