YOSHLIK BU ULKAN KUCH-GʻAYRAT, YANGILIKKA INTILISH, TADBIRKORLIK DEMAKDIR
15.02.2025 10:57:10 30
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashib, biz yoshlarni “xalqimizning oltin fondi” deb e’tirof etdilar. Ushbu uchrashuv biz yoshlar uchun katta ilhom manbai bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining so‘zlari, ular tomonidan bildirilgan ishonch va yaratilayotgan imkoniyatlar har birimizga ulkan ma’suliyat, yanada katta kuch-g’ayrat bag‘ishlaydi. Bugungi O‘zbekiston yoshlari — ertangi taraqqiyotimizning bunyodkorlari desak, adashmagan bo’laman.
Mamlakatimizda aholining 60 foizini yoshlar tashkil qiladi. Bu esa ayni vaqtda biz yoshlarda daxldorlik hissini oshiribgina qolmay, yurtimizning yoriqin kelajagi uchun mamlakat yoshlari birlashib harakat qilishimizni anglatadi. Shu nuqtai nazardan biz yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar yildan-yilga kengaymoqda.

Prezidentimizning uchrashuvdagi nutqlari davomida yoshlarning ilm olishlari, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari va bandligini ta’minlash uchun bir qator muhim qarorlar imzolaganlarini ham ta’kidladilar. Mana shunday muhim qarorlar ichida 100 million dollar mablag‘ ajratilgan "Yoshlar jamg‘armasi" tashkil etilishi, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi, shuningdek, Aloqabank yosh tadbirkorlar uchun asosiy tayanch bankka aylanishini eshitish bizni judayam quvontirdi.
Muhtaram yurtboshimiz yoshlarga faqat bilim olish, mehnat qilish va yurtga sadoqat bilan xizmat qilish orqali kelajakni qurish mumkinligini ta’kidlab, barchamizga alohida ishonch bildirdilar.
Men talaba sifatida ushbu unutilmas uchrashuvdan juda katta xulosalar chiqardim. Avvalo, bu uchrashuv menga shuni ko‘rsatdiki, bugun davlatimiz yoshlari uchun eshiklarni katta ochmoqda. Faqat bizdan intilish, fidoyilik va mehnat talab etiladi.
Vatanimiz bizga imkoniyatlar yaratmoqda, demak, biz ham Vatanimiz uchun sidqidildan xizmat qilishimiz shart! Prezidentimiz aytganlaridek: “Bilim va mehnat – eng katta kuch!”
Begoyim VARISOVA,
Ijtimoiy fanlar fakulteti yoshlar yetakchisi, Milliy g’oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi yo’nalishi 1-bosqich talabasi