English English English

O‘zbekiston-Fransiya aloqalari: Ta’lim va iqtisodiyot sohasidagi strategik hamkorlik

  18.03.2025 11:18:29    257



O‘zbekiston-Fransiya aloqalari: Ta’lim va iqtisodiyot sohasidagi strategik hamkorlik


O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi strategik hamkorlik yangi bosqichga chiqdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga sabab bo‘ldi. Ushbu tashrif davomida iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalarida ko‘plab muhim kelishuvlar imzolandi.
  Fransiya Yevropada kuchli iqtisodiy va siyosiy o‘rin tutuvchi davlat, O‘zbekiston esa Markaziy Osiyo mintaqasining yetakchi mamlakati hisoblanadi. Prezident Mirziyoyev va Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning uchrashuvida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish uchun turli sohalarda kelishuvlar amalga oshirildi.
  Tashrif davomida Fransiyaning yirik kompaniyalari bilan investitsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Total, Vinci, Suez, Thales Alenia Space kabi fransuz gigantlari bilan hamkorlik O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida innovatsion rivojlanish imkonini beradi.
   Ta’lim sohasida ham alohida yutuqlar qo‘lga kiritildi. O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida yangi universitet tashkil etish bo‘yicha bitim imzolandi.
   O‘zbek-Fransuz universitetining tashkil etilishi, mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, zamonaviy bilim olish va xalqaro tajriba orttirish imkoniyatlarini yaratadi. Fransiyaning nufuzli universitetlari, jumladan, Puatye, Gavr-Normandiya, Lion 2 va Renn universitetlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari talabalarni yuqori ilmiy va amaliy tayyorgarlik bilan ta’minlaydi. Bu esa, mamlakatimizda ilm-fan va texnologiyalarning rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.
   Shuningdek, O‘zbek-Fransuz universiteti ilmiy tadqiqotlar, startaplar va texnologik rivojlanish uchun muhim platformaga aylanishi kutilmoqda. Bu, o‘zbek yoshlariga yangi ixtirolar yaratish va innovatsion yechimlarni ishlab chiqish imkoniyatini taqdim etadi.
  Tashrifning yana bir muhim jihati – prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaning oliy mukofoti, Faxriy Legion ordeni bilan taqdirlanishi bo‘ldi. Bu mukofot ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yuqori darajada qadrlashni ifodalaydi.
Ahliddin ABDUNAZAROV,
Namangan davlat pedagogika institutining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori