Yosh hunarmand” to‘garagi kasbiy mahorat sari muhim qadamdir
19.05.2026 10:50:50 27
Namangan davlat pedagogika instituti Aniq va tabiiy fanlar fakulteti Texnologik ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabalari ishtirokida “Yosh hunarmandlar” to‘garagining navbatdagi mashg‘uloti tashkil etildi. Mazkur mashg‘ulot tikuvchilik yo‘nalishiga bag‘ishlanib, unda oshpazlar uchun maxsus xalat tikish jarayoni amaliy tarzda o‘rgatildi.
Mashg‘ulot davomida talabalarga ayollar xalatining andazasini olish, matoni bichish, tikuv mashinalaridan to‘g‘ri foydalanish hamda sifatli tikuv sir-asrorlari bo‘yicha tushunchalar berildi. Talabalar xalatning yoqa, yeng va cho‘ntak qismlarini tikish bo‘yicha amaliy ishlarni bajardilar.
Shuningdek, mashg‘ulotda sanitariya-gigiyena talablariga mos ish kiyimlarini tayyorlash, mato tanlash mezonlari hamda mahsulot sifatini nazorat qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Talabalar tomonidan tayyorlangan ayollar xalatlari ko‘rib chiqilib, ularning dizayni, tikilish sifati va amaliy qulayligi tahlil qilindi. Mazkur to‘garak mashg‘uloti talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ijodiy yondashuvini shakllantirish hamda kelajakdagi pedagogik va amaliy faoliyatlari uchun muhim tajriba vazifasini o‘tamoqda.