OʻZBEKISTON YOSHLARI: TARIXINI O'RGANIB, KELAJAKKA QAYTARADI
14.02.2025 10:50:20 30
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ochiq muloqoti mamlakatimizda yoshlar siyosatining yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi. Muloqotda Prezidentimizning “Yoshlar — xalqimizning, Vatanimizning oltin fondi” degan so‘zlari yurtimizda yoshlar ahamiyatini va ularga berilayotgan e'tiborni yanada kuchaytirish zarurligini anglatadi. Muloqotda Prezidentimiz ta’kidlashicha, bugungi yoshlar o‘zining mardligi, matonati, bilim va intilishlari bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etishda muhim rol o‘ynamoqda.
Prezidentimizning so‘zlaridan yana bir muhim fikrni eslatish joizki, yoshlarimizning bugungi kunda dunyoning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olishlari, yurtimizda zamonaviy texnologiyalar va innovatsion loyihalar bilan shug‘ullanishlari davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ko‘rsatadi. O‘zbekiston yoshlarining xorijda ta’lim olishdagi yutuqlari, shuningdek, yoshlar tadbirkorligining rivojlanishi va ilm-fan sohasidagi muvaffaqiyatlari mamlakatimiz kelajagi uchun muhim omil bo‘lmoqda.

Prezitendimizning yoshlar siyosatiga oid bildirgan fikrlarida biz yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va qo‘llab-quvvatlash tizimining ahamiyati alohida ta’kidlandi. “Yoshlar daftari” tizimi orqali 180 mingdan ortiq yoshga ko‘rsatilgan yordam, yosh tadbirkorlar sonining uch barobar oshishi, xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yaratilgan imkoniyatlar barchasi yoshlar uchun mustahkam ijtimoiy himoya va iqtisodiy o‘sishning belgisi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, biz yoshlar uchun oliy ta’limning kengaytirilishi, xorijiy tillarni o‘rganish va IT sohasidagi imkoniyatlar ham kelajakda o‘z o‘rnimizni topishida muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda davlatimizning biz yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan strategiyalari nafaqat iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, balki ularning intellektual, ma’naviy va madaniy rivojlanishini ham maqsad qilmoqda. Yoshlarni ilm-fan, innovatsiyalar va tadbirkorlikka yo‘naltirishga doir tashabbuslari yoshlarga yangicha qarash, bilim olish, muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlarini yaratadi. Biz yoshlar uchun beriladigan imtiyozlar, yangi ish o‘rinlari, grantlar va xorijga o‘qishga yuborish tizimlari biz yoshlarning har tomonlama rivojlanishimizga yordam beradi.
Shuningdek, muloqotda, yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini rivojlantirish, ilmiy izlanishlarga intilish, va atrof-muhitni asrashga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kabi tashabbuslar nafaqat bugungi kun, balki kelajakda ham yurtimizda madaniy va ilmiy salohiyatni oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bugungi kun yosh avlodi sifatida shuni ayta olamanki, ushbu muloqot davlatimiz rahbarining yoshlar siyosatiga bo‘lgan alohida e’tiborini yana bir bor ko‘rsatdi. Buning natijasida yoshlar o‘zining salohiyatini amalga oshirishi, yangi imkoniyatlardan foydalanishi va jamiyatimizning rivojlanishida faol ishtirok etishi uchun barcha sharoitlar yaratilganligi, bu esa, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonni qurishda katta yutuqlarga erishishimizga yordam beradi.
Azizbek O'RMONJONOV,
ART pedagogika kafedrasi Musiqa ta'limi va san'at mutaxassisligi 2-bosqich magistranti, institut Yoshlar akademiyasi lideri