“OCHIQ ESHIKLAR KUNI” TADBIRLARI DAVOM ETMOQDA
04.05.2026 13:27:26 3
Namangan davlat pedagogika institutida maktab bitiruvchilarini kasb tanlashga yo‘naltirish, ularning oliy ta’lim muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishishlarini ta’minlash maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari izchil davom etmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida avvalo Uychi tumanidagi 13 dan ortiq umumta’lim maktablaridan 440 nafardan ziyod 11-sinf bitiruvchi o‘quvchilar institutga tashrif buyurdi. E’tiborlisi, tashrif jarayonida ularning 349 nafardan ortig‘i kelgusida Namangan davlat pedagogika institutida tahsil olish istagini bildirgani tadbirning amaliy samaradorligini namoyon etdi.
Shuningdek, Namangan tumanidagi 16-umumta’lim maktabidan 20 nafar o‘quvchi ham institut faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida o‘quvchilarga NamDPIda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, mavjud fakultet va yo‘nalishlar, o‘quv binolari, auditoriyalar, ilmiy-uslubiy markazlar, kutubxona, amaliy mashg‘ulot xonalari hamda talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Namangan tumanidan kelgan o‘quvchilarni Registrator ofis boshlig‘i O.Topildiyev hamda Xorijiy tillar kafedrasi mudiri Z.Dadaboyev kutib oldi. Dastlab mehmonlar institut talabalari tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlar, amaliy loyihalar va ko‘rgazmalar bilan tanishtirildi.
Xorijiy tillarga qiziqishi yuqori bo‘lgan bitiruvchilar Xorijiy tillar kafedrasi professor-o‘qituvchilarining auditoriya mashg‘ulotlariga taklif etilib, oliy ta’lim tizimida yaratilayotgan imkoniyatlar, tahsil olish jarayoni hamda kelajakdagi kasbiy tanlovni to‘g‘ri belgilash yuzasidan zarur tushunchalarga ega bo‘ldilar.
Uchrashuvlar davomida o‘quvchilarning institut faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari, qabul jarayonlari va talabalik hayotiga oid savollariga mas’ullar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.
Mazkur tadbirlar maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasasi haqidagi tasavvurlarini boyitish, ularni kelajak kasbi va hayotiy maqsadlarini aniq belgilashga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.