English English English

O‘ZBEKISTON VA MALAYZIYA O‘RTASIDAGI TA’LIM FORUMI – HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI

  10.02.2025 12:13:32    152



O‘ZBEKISTON VA MALAYZIYA O‘RTASIDAGI TA’LIM FORUMI – HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI


O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan “Birinchi O‘zbekiston-Malayziya ta’lim forumi” ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi strategik bosqichga olib chiqdi. Mazkur forum ta’lim sohasida o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish, oliy ta’lim tizimida barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va innovatsion hamkorlikni kuchaytirish borasida muhim qadam bo‘ldi. Malayziya dunyoda ilg‘or ta’lim tizimiga ega mamlakatlardan biri bo‘lib, uning universitetlari xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. O‘zbekiston esa keyingi yillarda ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, uni xalqaro standartlarga moslashtirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga katta e’tibor qaratmoqda.
Davlatimiz rahbarining ushbu rasmiy tashrifi davomida O‘zbekiston va Malayziya ta’lim sohalarida va ikki davlat o‘rtasida do‘stlik va sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Malayziya va O‘zbekiston universitetlari o‘rtasida ilmiy aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va talabalar almashinuvini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan Malayziya ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish muhim vazifalar sifatida belgilandi. O‘zbek talabalarining Malayziya universitetlarida o‘qish imkoniyatlarini kengaytirish orqali yoshlarimizga xalqaro darajadagi bilimlarni egallash va dunyo miqyosida raqobatbardosh kadr bo‘lish imkoniyati yaratish, ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy metodikalarni joriy etish orqali Malayziyaning ilg‘or pedagogik uslublari va raqamli ta’lim texnologiyalarini O‘zbekiston oliy ta’lim tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirildi.
Malayziya oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Malayziya-O‘zbekiston do‘stlik almashinuvi marosimida o‘zbekistonlik talabalarni Malayziyadagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga jalb etishda ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan akademik aloqalarni mustahkamlashda muhim platforma bo‘ldi. Shu bilan birga Malayziya xorijlik talabalar, jumladan, O‘zbekistonlik talabalar uchun tanlagan mamlakat ekanligini ta’kidlab, 2022-yildan buyon Malayziyadagi o‘zbekistonlik talabalar soni o‘sishda davom etayotgani va ayni paytda mamlakatda jami 584 nafar talaba tahsil olayotganini, Malayziya hozirda oliy ta’lim sohasida 120 000 dan ortiq xalqaro talabalarga mezbonlik qilmoqda va bu ko‘rsatkich Malayziya Oliy ta’limni xalqarolashtirish kun tartibiga mos kelishi va yaqin kelajakda turli mamlakatlardan 200 000 ga yaqin talabalarni Malayziyaga jalb qilishni maqsad qilgan. O‘zbekiston Malayziyadagi xalqaro talabalar ro‘yxatida 22-o‘rinni egallaganligi sababli, Malayziyani Markaziy Osiyo mamlakati talabalari uchun eng yaxshi yo‘nalishga aylantirish uchun yanada faolroq harakatlar davom etishini ta’kidladi.
Ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim forumida Malayziya universitetlari bilan qo‘shma fakultetlar tashkil etish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, Ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish – innovatsion va texnologik ishlanmalar bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirish, Malayziyada o‘zbek talabalarining sonini oshirish – O‘zbekiston yoshlariga Malayziyada ta’lim olish uchun grantlar va stipendiyalar ajratish masalalarida katta qadamlar qo‘yildi.
Bir so‘z bilan aytganda birinchi O‘zbekiston-Malayziya ta’lim forumi va prezidentimizning ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi natijalari shuni ko‘rsatadiki, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu nafaqat oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, balki O‘zbekistonning ilmiy-intellektual salohiyatini oshirish, yosh avlodga global miqyosda sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir. Kelgusida bu hamkorlik yanada kengayib, ikki davlat ilm-fan va ta’lim sohalarida yangi marralarni zabt etishiga xizmat qiladi.
 
Abdunazarov Ahliddin Abdurashitovich
O’quv ishlari bo’yicha prorektor