Yoshlar salohiyati – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi
24.02.2026 21:02:18 9
Bugun "Koʻksaroy" qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti mamlakat taraqqiyotida yoshlar omili ustuvor ahamiyat kasb etayotganini yana bir bor namoyon qildi. Qoraqalpogʻiston, barcha viloyatlar va Toshkent shahri studiyalaridan 60 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etgani ushbu muloqotning koʻlami va ahamiyatini yaqqol koʻrsatadi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, yurtimizdagi 22 milliondan ortiq yoshlar ulkan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchdir. Shu bois har bir vazir, hokim, oliygoh rektori, texnikum va maktab direktorining eng muhim vazifasi — yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning bilim olishi, kasb egallashi, til oʻrganishi, sport bilan shugʻullanishi, oʻz gʻoya va startaplarini amalga oshirishi uchun sharoit yaratishdan iborat.
Muloqotda oliy taʼlim tizimiga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda yurtimiz yoshlari dunyoning nufuzli oliygohlarida taʼlim olmoqda. TOP-100 talik oliygohlarda oʻqiyotganlar 3,5 ming nafardan ziyod ekani esa mamlakatimizda taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar samarasini koʻrsatmoqda.
Prezidentimiz "Mening birinchi kasbim" dasturini joriy etish boʻyicha topshiriq berdi. Unga koʻra, oliygoh bitiruvchilari oʻrtasida tanlov asosida stajirovka dasturlari tashkil qilinib, ishtirokchilarga oyiga 2 million soʻmgacha stipendiya toʻlanadi. Bu yosh mutaxassislarning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirib borishiga mustahkam poydevor yaratadi.
Shuningdek, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Xorijiy nufuzli universitetlar bilan hamkorlikda "Yangi avlod tadbirkorlari" dasturining yoʻlga qoʻyilishi 40 ming nafar yoshni biznesga oʻqitishni nazarda tutadi. Dasturni muvaffaqiyatli yakunlagan eng yaxshi 1 ming nafar yoshga 200 million soʻmgacha 7 foizli ssuda ajratilishi oliy maʼlumotli yoshlarni innovatsion va amaliy faoliyatga keng jalb etadi.
Texnikum va oliygohlarda "dual taʼlim" tizimini kengaytirish, "spin-off" korxonalar tashkil etishga ruxsat berilishi, talabalar startaplariga 1 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratilishi taʼlimni amaliyot bilan uygʻunlashtirishga xizmat qiladi. "Work and travel" dasturining texnikum oʻquvchilari uchun ham joriy etilishi esa yoshlarning xalqaro tajriba orttirishiga keng yoʻl ochadi.
Yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida qoʻshimcha 200 million dollar ajratilishi, "Kelajak tadbirkori" dasturi doirasida 7 yilgacha 15 foizli kreditlar berilishi, innovatsion startaplarga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat etilishi yoshlarning iqtisodiy faolligini yanada oshiradi.
Taʼlim va maʼnaviyat masalalari ham eʼtibor markazida boʻldi. Kitobxonlikni rivojlantirish, eng sara asarlarni maktab va texnikumlarga yetkazish, faol kitobxon oʻquvchilarni ragʻbatlantirish boʻyicha belgilab berilgan vazifalar yoshlar maʼnaviy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Umuman, mazkur muloqot yoshlar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan aniq vazifa va tashabbuslarni belgilab berdi. Ayniqsa, oliy taʼlim va kasbiy tayyorgarlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yoshlarni raqobatbardosh mutaxassis, tashabbuskor tadbirkor va vatanparvar fuqaro sifatida kamol toptirishga xizmat qiladi.
Yoshlar salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining eng ishonchli kafolatidir.
Rayhona Tillayeva
Filologiya kafedrasi mudiri