Yoshlar bilim va tadbirkorlik yo‘lida yangi bosqichga qadam qo‘ydi
25.02.2026 16:15:22 10
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning "Koʻksaroy" qarorgohida yoshlar bilan oʻtkazgan ochiq va samimiy muloqoti mamlakatimizda yoshlar siyosati mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilganini yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Ushbu uchrashuv nafaqat yoshlar, balki taʼlim tizimi, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida faoliyat yuritayotgan barcha rahbar va mutaxassislar uchun ulkan masʼuliyat va aniq vazifalarni belgilab berdi.
Davlatimiz rahbarining "22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida biz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni koʻramiz" degan fikrlari biz, oliy taʼlim muassasalari vakillari uchun dasturilamal ahamiyatga egadir. Zero, bugungi kunda yoshlarning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, ilmiy izlanish va tadbirkorlikka kirib borishi — yurt taraqqiyotining hal qiluvchi omiliga aylanmoqda.
Muloqot davomida taʼlim sifatini oshirish, yangi metodika va innovatsiyalarni joriy etish, "dual taʼlim"ni kengaytirish, texnikum va oliygohlarda "spin-off" loyihalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha berilgan topshiriqlar biz uchun aniq amaliy dastur boʻlib xizmat qiladi. Ayniqsa, "Mening birinchi kasbim", "Yangi avlod tadbirkorlari", "Yoshlar biznes inkubatori" kabi tashabbuslar yoshlarning bilimdan — amaliyotga, gʻoyadan — natijaga oʻtishini taʼminlaydigan muhim koʻprikdir.
Prezidentimiz tomonidan yoshlar tadbirkorligiga qoʻshimcha 200 million dollar ajratilishi, imtiyozli kreditlar hajmining oshirilishi, innovatsion startaplarga investitsiya kiritishga ruxsat berilishi — yoshlarning iqtisodiy faolligini ragʻbatlantirishda tarixiy qadam boʻldi. Bu qarorlar oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning ilmiy gʻoyalari va amaliy ishlanmalarini real biznes loyihalarga aylantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, xorijiy nufuzli universitetlar bilan hamkorlikda yoshlarni tadbirkorlikka oʻqitish, texnikum va oliygoh bitiruvchilari uchun "Work and Travel" dasturini yoʻlga qoʻyish, ehtiyojmand yoshlarni bepul oʻqitish va ularga soliq imtiyozlari berish kabi chora-tadbirlar taʼlimning ijtimoiy adolat va inkluzivlik tamoyillariga asoslangan holda rivojlanayotganini koʻrsatadi.
Volontyorlik harakatini qoʻllab-quvvatlash, eng yaxshi asarlarni maktab va texnikumlarga yetkazish boʻyicha berilgan topshiriqlar yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki yuksak bilim va maʼrifat bilan qurollangan avlodgina global tahdidlarga munosib javob bera oladi.
Biz, oliy taʼlim muassasasi rahbariyati sifatida, belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, talabalarimizning ilmiy salohiyati va tadbirkorlik qobiliyatini roʻyobga chiqarish, ularni mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh mutaxassis etib tayyorlashni ustuvor vazifa deb bilamiz. Har bir talaba taqdiri — bu mamlakat kelajagi ekanini chuqur anglagan holda, yangi tashabbuslarni amaliy natijaga aylantirish yoʻlida bor kuch va salohiyatimizni safarbar etamiz.
Yoshlarga yaratilayotgan bunday keng imkoniyatlar — bu ishonch va eʼtibor namunasidir. Bu ishonchga munosib javob berish esa barchamizning burchimizdir.
Abdullayev Zafarbek
Pedagogika fakulteti dekani