“Har bir yosh ichki ishlar organlarining doimiy e’tiborida” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi
10.04.2026 23:38:02 13
Namangan davlat universitetida “Yoshlar kuni” munosabati bilan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda “Har bir yosh ichki ishlar organlarining doimiy e’tiborida” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Namangan viloyati IIB JXX Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Z.Karimova hamda Namangan shahar IIB JXX Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i, kapitan A.Tavakkalov ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, turli zararli g‘oya va salbiy ta’sirlardan asrash, shuningdek, yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash masalalari haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbirda ichki ishlar organlari tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammo va takliflarini o‘rganish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni ta’limga, kasb-hunarga va sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o‘tib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar hamda mutasaddilar tomonidan ularga tegishli tushuntirish va tavsiyalar berildi.