Ilmiy hamkorlik va tajriba almashinuvi yo‘lida muhim tashrif
29.10.2025 22:43:28 8
Namangan davlat pedagogika instituti Jismoniy madaniyat va sport kafedrasi dotsenti Hamidullo Jurahonov O‘zbekiston davlat sport akademiyasi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti laboratoriyasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari A. Hamidjonov mehmonni institut faoliyati, olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, shuningdek, zamonaviy funksional va psixodiagnostik laboratoriyalar ish jarayoni bilan batafsil tanishtirdi.
Shuningdek, Hamidullo Jurahonov institut olimlari tomonidan yaratilgan ilmiy ishlanmalar, yangi metodikalar va sportchilar holatini baholashda qo‘llanilayotgan innovatsion usullar bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida sportchi shaxsining jismoniy va psixologik tayyorgarligini o‘lchash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarning amaliy qo‘llanilishi muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuv ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Tashrif yakunida tomonlar sport ta’limi va ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida uzviy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.