English English English

YANGI BOSQICHDAGI STRATEGIK HAMKORLIK VA IMKONIYATLAR

  07.02.2025 12:34:43    576



YANGI BOSQICHDAGI STRATEGIK HAMKORLIK VA IMKONIYATLAR


    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga  tashrifi, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu tashrif, nafaqat siyosiy va diplomatik aloqalar, balki iqtisodiy, ta‘lim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Malayziyaga bo‘lgan tashrif, O‘zbekistonning rivojlanishiga qaratilgan yangi imkoniyatlar yaratish bilan birga, mamlakatning global maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Bu aloqalar O‘zbekistonning kelajagi uchun katta ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakatimizning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, ijtimoiy rivojlanish va xalqaro aloqalarini mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. Qolaversa, davlatimiz rahbarining Malayziyaga rasmiy tashrifi katta tantana va ehtirom bilan kutib olinib, yuksak hurmat va samimiy mehmondo‘stlik bilan qabul qilindi. Tashrif davomida Prezident Mirziyoyevning har bir qadamiga alohida e’tibor qaratilib, barcha rasmiy marosimlar va uchrashuvlar ayni vaqtda yuksak diplomatik madaniyat va qat’iylik asosida tashkil etildi. Rejalashtirilgan tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilib, tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Prezident Mirziyoyevning tashrifi, shubhasiz, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlashga, yangi g‘oyalar va imkoniyatlarni ochishga xizmat qilgan yirik voqea deb ta’riflasak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
    Malayziya o‘zining rivojlangan sanoati, ilg‘or texnologiyalari va investitsiya salohiyati bilan O‘zbekiston uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Malayziya kompaniyalarining O‘zbekistonga sarmoya kiritishi, yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishga, infratuzilma va energetika sohasidagi rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston, o‘z navbatida, tabiiy resurslari va iqtisodiy imkoniyatlari bilan Malayziya biznesini o‘ziga jalb qilishda katta yutuqlarni kutmoqda. Bu pirovard maqsadda, yangi ish o‘rinlarini yaratishga, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga va mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga olib keladi. Malayziya bilan o‘rnatilgan iqtisodiy aloqalar, nafaqat O‘zbekistonning ichki bozori, balki jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi, va albatta O‘zbekistonning global iqtisodiy maydonda mustahkam o‘rin egallashiga yordam beradi. Bugunga qadar O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi bir qator ilmiy va akademik loyihalar amalga oshiralayotgan bo‘lib, bu ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlanishiga zamin yaratmoqda. Malayziya o‘zining yuqori sifatli ta’lim tizimi bilan rivojlangan davlatlarning yuqori beshtalik o‘rinda ekanligi O‘zbekiston uchun katta imkoniyatlarni ochadi. Shu bilan birga, dunyoning TOP-300 oliy ta’lim muassalari qatorida 10 dan ortiq Malayziya universitetlari e’tirof etilishi, O‘zbekistonning oliy ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari zamonaviy ta’lim tizimini yaratishga, innovatsion pedagogik metodlarni joriy etishga yordam beradi. O‘z navbatida, O‘zbekistonlik talabalar uchun Malayziyada ta’lim olish imkoniyatlarining yaratilishi, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga, mamlakatning yuqori malakali kadrlar bazasini shakllantirishga xizmat qiladi.
 
Muhibjon Imomov,
Namangan davlat pedagogika instituti O’quv-uslubiy bo’lim boshlig’i