English English English

YANGI O‘ZBEKISTON YOSHLARI HAYOTIDAGI MUHIM YIL BO‘LADI

  15.02.2025 12:19:09    56



YANGI O‘ZBEKISTON YOSHLARI HAYOTIDAGI MUHIM YIL BO‘LADI


   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2025-yil 14-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan uchrashib, yoshlar siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar hamda kelgusidagi muhim vazifalarni belgilab berdilar.
   Yangi O‘zbekiston yoshlari uchun mazkur yig‘ilish haqiqiy ma’noda yangi davrni boshlab berishi shubhasizdir. Davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida yoshlarni bugungi jamiyatimizning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida ta’riflab, ularga katta ishonch bildirdilar. “Uchinchi Renessansning poydevori bilim va ong bilan quriladi”, - deya har bir yoshni bilim olish va ijtimoiy hayotda faol bo‘lishga chorladilar.
   Bugungi O‘zbekiston jamiyatida afsuski, bizning madaniyatimizga xos bo‘lmagan ko‘rinishlarni targ‘ib qilayotgan, unga ergashayotgan, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolayotgan yoshlar ham mavjud. Ularni to‘g‘ri yo‘lga solish haqida fikr yuritgan Prezident Sh.Mirziyoyev, adashgan fikri o‘zgargan yoshlar bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar emas, balki yoshlarning o‘zlari gaplashishlari, jamiyatdagi o‘zgarishlar hamda imkoniyatlarni to‘g‘ri tushuntirishlari lozimligini ta’kidladilar. Davlatimiz rahbarining “Har bir ongi o‘zgargan yoshni tarbiyalash orqali jamiyatni tubdan o‘zgartirish mumkin”, degan fikrlari o‘zini vatanparvar deb bilgan, shu yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan fuqarolarga muhim vazifa hisoblanadi.
   Mamlakat taqdiri, yurt kelajagi, davlatning rivoji albatta ta’limning taraqqiyoti bilan belgilanadi. Shu ma’noda Davlatimiz rahbari respublika oliy ta’lim tizimi oldiga ham yuksak vazifalarni qo‘ydilar. Jumladan, oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinglarda natija ko‘rsata olmayotgani Prezidentimiz tomonidan tanqid qilinib, bu boradagi ishlarni qayta ko‘rib chiqish hamda aniq, istiqbolli rejalarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.
   Oliy ta’lim tizimi bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ularga munosib mehnat sharoitlari yaratishga alohida e’tibor qaratgan Prezident Sh.Mirziyoyev  bu borada yangi tizim, “Kelajakka qadam” loyihasi yo‘lga qo‘yilishini alohida ta’kidladilar. Bunga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash uchun Milliybank tomonidan subsidiya va kreditlar ajratiladi.
Hurmatli Prezidentimiz “Kitobsevar millat” loyihasini izchil davom ettirish, “Mutolaa” loyihasini yanada rivojlantirish bo‘yicha alohida to‘xtalib, yoshlarimizni kitobni sevish ruhida tarbiyalash, ayniqsa bolalar uchun ularning yoshiga mos bo‘lgan milliy qahramonlar obrazlarini gavdalantirish, jumladan Sohibqiron Amir Temur bobomizning bolaligi haqida badiiy adabiyotni yaratish vazifasi belgilab berdilar.
   Bugungi kunda ishsiz bo‘lgan 377 ming nafar yoshlarni bandligini ta’minlash bo‘yicha Aloqabank mas’ul etib belgilandi. “Aloqabank – yoshlar banki” sifatida e’tirof etilib, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun uzoq muddatli kreditlar ajratilishi belgilab berildi. Yoshlarning biznes rejalari, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy tillar va axborot texnologiyalarini o‘rganishlari uchun shart-sharoitlar yaratilishi bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
   Shu o‘rinda, oliy ta’lim muassasalari talabalarining zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishlari uchun, xorijiy mamlakatlarda o‘qishlarini davom ettirishlari bo‘yicha muhim qadam qo‘yildi. Har yili “Yorqin iqtisodiyot” loyihasi orqali O‘zbekiston oliy ta’lim muasssasalarining talabalari xorijiy davlatlarning TOP – 1000 taligiga kirgan oliy o‘quv yurtlaridan o‘qish imkoniyati yaratiladi.
Davlatimiz rahbari Xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr yuritib, ularga beriladigan mukofot miqdorini 5 barobarga oshirish bo‘yicha alohida ko‘rsatma berdilar.
Hurmatli Prezidentimiz tomonidan harbiy oliy ta’lim muasssasalari talabalari uchun Oliy Bosh qo‘mondon stipendiyasi tashkil qilish, AQSHning Garvard universitetiga o‘qishga kirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida ryespublikadagi bitta oliygohda “Garvardchilar maktabi” tashkil etish, fizika, kimyo va matematika fanlarini o‘qitishga alohida e’tibor qaratish maqsadida har bir tuman va shaharda 5 tadan maktabni shu fanlarga ixtisoslashtirish, joriy yilning 1 martidan boshlab robototexnika va sun’iy intellekt bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish kabi yoshlarning ilmiy-intellektual salohiyatini oshirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar ilgari surildi.   
   Yig‘ilish yakunida, Mamlakatimiz Prezidenti “Kechagi yutuq – bugungi marraga to‘g‘ri kelmaydi”, - dyeya, yoshlarga, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi dunyoda zamonaviy bilimlarni puxta egallash, Uchinchi Renessans poydevorini qurish uchun astoydil o‘qish, mafkuraviy maydonda yurt uchun, Vatan uchun qo‘rqmasdan, o‘z fikriga ega bo‘lish, fidoyilik namunalarini ko‘rsatish davri kelganini ta’kidladilar.
   Shubhasiz, ushbu yig‘ilish, mamlakatimiz yoshlari uchun yangi bir davrni boshlab berishi, Vatan kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro uchun  yangi marralarni egallash va fidokorona o‘qish, mehnat qilishni taqozo etadi.
Alisher Isoqboyev
Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor