English English English

YOSHLAR — TARAQQIYOTNING HARAKATLANTIRUVCHI KUCHDIR

  24.02.2026 21:07:57    6


Yoshlar — jismonan va ma’nan shakllanish jarayonida bo‘lgan, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishga tayyor, innovatsion fikrlaydigan hamda jamiyat kelajagini belgilovchi muhim kuchdir. Yurtimizda yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan bo‘lishiga qaramay, ularning muammo va takliflarini tizimli ravishda o‘rganish, qo‘llab-quvvatlash hamda salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi doimo dolzarb ahamiyat kasb etadi.


YOSHLAR — TARAQQIYOTNING HARAKATLANTIRUVCHI KUCHDIR


Bugun “Ko‘ksaroy” qarorgohida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqoti bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Uchrashuv davomida mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” etib belgilanishi alohida ta’kidlandi.

Prezidentimiz o‘z nutqlarida shu kuni sohaga mas’ul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga borib, yoshlarni eshitishi va ularning muammolarini hal etishi lozimligini qayd etdilar. Shuningdek, hokimlar tomonidan yoshlarbop savdo-servis loyihalarini amalga oshirish, yoshlarning ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kasb va xorijiy tillarni o‘rganishi, ishga joylashishi yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish vazifalari belgilandi. Startap tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazish, ular uchun alohida mablag‘ va grantlar ajratish, eng yaxshi tomorqachi, fermer, sanoatchi, startapchi, ijodkor hamda ma’naviyat va boshqa sohalarda faol yoshlar uchun tanlov va yarmarkalar tashkil etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Mazkur tashabbuslar yoshlar bilan ishlovchi mas’ul shaxs sifatida menda katta quvonch va mas’uliyat hissini uyg‘otdi. Zero, yoshlar — kelajagimiz poydevori, jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy salohiyatining asosidir. Ularning energiyasi, ijodkorligi va tashabbuskorligi yurt ravnaqi va barqaror rivojlanishining eng muhim omillaridan biridir.

Sunbula QODIROVA
Ijtimoiy fanlar fakulteti tyutori