Giyohvand va narkotik moddalarga qarshi kurash yuzasidan profilaktik tadbir o‘tkazildi
18.02.2026 13:19:42 18
Namangan davlat pedagogika instititutida o‘tkazilgan mazkur tadbirga Namangan viloyati IIB mas'ul xodimlari taklif etildi.
Targ‘ibot tadbirida so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-207-son Farmoni mohiyati, bugungi kunda yoshlar o‘rtasida giyohvand moddalar iste’moli va savdosi bo‘yicha sodir etilayotgan jinoyatlar xususida batafsil to‘xtalib o‘tdilar.
Tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor A.Isoqboyev, Ijtimoiy ma’naviy-muhit barqarorligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan rektor maslahatchisi M.Xodjayev, profilaktika inspektori G.Rahmatullayevalar ham ishtirok etib, talabalar tomonidan berilgan savollarga javob berdilar.
Tadbir yakunida yoshlarni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda har qanday zararli illatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish muhim vazifa ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, talabalar o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish, profilaktik tushuntirish ishlarini tizimli davom ettirish hamda ota-onalar va hamkor tashkilotlar bilan uzviy aloqani kuchaytirish bo‘yicha kelgusidagi rejalar belgilab olindi. Tadbir ochiq muloqot ruhida o‘tib, ishtirokchilarda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish borasida yanada mustahkam fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qildi.