English English English

Kitob – tafakkur qanoti, yoshlar taraqqiyotining poydevori

  25.02.2026 15:55:36    11


Shavkat Mirziyoyev raisligida Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan yoshlar bilan muloqot nafaqat iqtisodiy va tadbirkorlik tashabbuslari, balki ma’naviy taraqqiyot masalalarini ham yangi bosqichga olib chiqdi. Xususan, uchrashuvda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish alohida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab berilgani e’tiborga molik. Bugungi kunda yurtimizda 22 milliondan ziyod yoshlar ulkan ijtimoiy va intellektual kuch hisoblanadi. Ularning tafakkuri, dunyoqarashi va qadriyatlari qanday shakllansa, ertangi kunimiz ham shunga monand bo‘ladi. Shu ma’noda, kitob – yoshlar ongini boyituvchi, ularni mustaqil fikrlashga undovchi eng qudratli vositadir. Muloqotda “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish, eng iste’dodli yozuvchilarga ijodiy buyurtmalar berish va bir yil davomida munosib moddiy rag‘bat ajratish tashabbusi ilgari surildi. Bu nafaqat adabiyot ahliga e’tibor, balki yoshlar uchun sifatli, zamonaviy va ruhiy ehtiyojlarga javob beradigan asarlar yaratilishini ta’minlash demakdir.


Kitob – tafakkur qanoti, yoshlar taraqqiyotining poydevori


Shuningdek, eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga, milliy adabiyotimizni esa xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatlarining bir qismini qoplash belgilandi. Bu esa yoshlar tafakkurini global miqyosga olib chiqish, ularni dunyo ilm-fani va adabiyoti bilan yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Yangi o‘quv yiliga qadar eng yaxshi 100 ta asardan iborat to‘plamni shakllantirib, barcha maktab va texnikumlarga yetkazish vazifasi qo‘yilgani ayniqsa ahamiyatlidir. Eng faol kitobxon o‘quvchilarni 10 million so‘mgacha mukofotlash mexanizmi esa yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat va intellektual muhitni kuchaytiradi. Bundan tashqari, kutubxona, “book cafe” va kitob do‘konlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, oyiga 10 mingdan ortiq kitob savdosini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga 3 yil muddatga 7 foizli imtiyozli ssuda ajratish tashabbusi kitob bozorining rivojlanishiga yangi turtki beradi. Bu kitobni nafaqat ma’naviy qadriyat, balki iqtisodiy jihatdan ham barqaror soha sifatida shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bois yoshlar siyosatida iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda ma’naviy poydevorni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarning ilgari surilishi yurtimiz kelajagi uchun muhim strategik qadamdir. Yoshlar – taraqqiyot kuchi. Kitob esa – o‘sha kuchning yo‘nalishini belgilovchi kompas. Kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslar yoshlar qalbida bilimga chanqoqlikni kuchaytiradi, ularni tafakkurli, ma’suliyatli va fidoyi shaxslar etib tarbiyalaydi. Ma’naviy boylik va intellektual salohiyat uyg‘unlashgan jamiyat esa har qanday global raqobatda yuksak natijalarga erishishi shubhasiz.

Omonjon NASRIDDINOV
Axborot-resurs markazi direktori