XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA “SUN‘IY INTELLEKTNI PEDAGOGIK TA‘LIMGA TATBIQ ETISHNING USTUVOR YO‘NALISHLARI”
25.04.2026 00:59:44 13
Bugungi kunda ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, uni raqamli texnologiyalar asosida rivojlantirish hamda sun’iy intellektdan samarali foydalanish global miqyosda ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilib, pedagogik ta’lim jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, innovatsion yondashuvlarni kengaytirish va ilg‘or ilmiy tajribalarni ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro konferensiyada respublika va xorijiy davlatlardan yetakchi olimlar, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar hamda amaliyotchi mutaxassislar ishtirok etib, o‘zlarining ilmiy izlanishlari, innovatsion loyihalari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Tadbir doirasida ilmiy muloqot va tajriba almashinuvi uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Konferensiya quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha olib borildi:
Informatika ta’limida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish – adaptiv o‘qitish tizimlari, intellektual dasturiy vositalar hamda raqamli didaktika asosida ta’lim sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Matematika ta’limida sun’iy intellekt asosida tahlil va modellashtirish – muammoli o‘qitish, matematik tafakkurni rivojlantirish, algoritmik yondashuvlarni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy yondashuvlar taqdim etildi.
Fizika ta’limida sun’iy intellekt texnologiyalari – simulyatsiya, virtual laboratoriyalar orqali eksperimental kompetensiyalarni shakllantirish va o‘quv jarayonini interaktiv tashkil etish usullari yoritildi.
Texnologik ta’limda sun’iy intellekt va raqamli ishlab chiqarish – STEM yondashuvi, robototexnika, innovatsion ta’lim muhitlari hamda ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan o‘quv jarayonlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Sun’iy intellekt asosida ta’limni transformatsiyalash – raqamli ekotizimlar, shaxsiylashtirilgan ta’lim, zamonaviy boshqaruv (ta’lim menejmenti) tizimlari orqali ta’lim samaradorligini oshirish yo‘llari tahlil qilindi.
Sun’iy intellektning nazariy va ilmiy asoslari – algoritmlar, modellashtirish, hisoblash usullari, shuningdek, muhandislik yechimlarini ishlab chiqish bo‘yicha ilg‘or ilmiy qarashlar bayon etildi.
Konferensiyaga 10 ga yaqin xorijiy ta’lim muassasalaridan Xususan, Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti, Auezov nomidagi Qozog‘iston universiteti, Agarwal Anand xalqaro muhandislik kolleji, O‘sh davlat universiteti, O‘sh texnologiyalar universiteti, Malaya universiteti, Ankara universitetlaridan 20 dan ortiq maqolalar kelib tushdi. Nizomiy nomidagi O’zbekiston MPU, O‘zMU, TDPU, NamDU, SamDU, QDU, QarDU, TATU, ADU, AndDPI, JDPol.I, UBS, Nordik University, ChDPU, NukusDU, NukusDPI, UrDPI, FarDU, FarJSTI, NavDU, NavDPI kabi mamalakatimiz bir qator davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalari, Akademik litsey hamda umumta’lim maktablaridan jami 110 nafar mualliflardan 100 dan ziyod tezislar kelib tushgan. Jumladan, O‘z.Res. FA akademigi 2 nafar, fan doktori professorlar 15 nafar, fan nomzodi (PhD) dotsentlar 31 nafar, tadqiqotchilar 48 nafar, magistrant va talabalar 16 nafar o‘z tezis va maqolalari bilan ishtirok etishmoqda.
Konferensiya davomida taqdim etilgan ilmiy ma’ruzalar va amaliy ishlanmalar asosida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘quv jarayoniga samarali integratsiya qilish, pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda talabalar uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish yuzasidan muhim taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xalqaro tajribalarni o‘rganish va joriy etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur konferensiya pedagogik ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish hamda innovatsion ta’lim muhitini shakllantirishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.