Namangan davlat pedagogika institutida ilmiy faoliyatni yanada takomillashtirish yo‘lida navbatdagi muhim qadam!
30.10.2025 22:52:20 8
Namangan davlat pedagogika institutida bo‘lib o‘tgan Kengash yig‘ilishida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor M.Qodirxonov tomonidan 2026-yil uchun doktorantura (DSc), tayanch doktorantura (PhD) hamda stajyor-tadqiqotchilik bosqichlariga qabul mezonlari va imtihon dasturlari yuzasidan batafsil taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimot davomida quyidagi masalalar atroflicha yoritildi:
• oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlariga qabul jarayonlari, mezonlar va imtihon tartib-qoidalari;
• mutaxassislik fanidan o‘tkaziladigan yozma (50 ball) va suhbat (50 ball) sinovlari orqali baholash tizimi;
• milliy sertifikatga ega bo‘lgan talabgorlar uchun imtihondan ozod etilish imkoniyati;
• sinovlarni adolatli, shaffof va raqamli nazorat ostida o‘tkazish mexanizmlari;
• imtihon jarayonlarini videokuzatuv tizimlari orqali to‘liq nazoratga olish hamda natijalarni elektron tarzda rasmiylashtirish tartibi.
Kengash qaroriga ko‘ra:
- M.Qodirxonovning axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi.
- 2026-yil uchun doktorantura, tayanch doktorantura va stajyor-tadqiqotchilik bosqichlariga qabul mezonlari hamda imtihon dasturlari tasdiqlandi.
- 10 kun muddatda qabul komissiyasi tarkibini shakllantirish, imtihonlarni belgilangan qoidalarga muvofiq o‘tkazish, jarayonlarni video kuzatuv ostida (onlayn translyasiya) tashkil etish topshirig‘i berildi.
- Qabul komissiyasi raisi va a’zolariga sinov natijalarining adolatli baholanishi hamda jarayonning shaffof kechishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklatildi.
-Raqamli ta’lim texnologiyalari markaziga imtihon o‘tkaziladigan auditoriyalarni to‘liq videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash vazifasi topshirildi.
Mazkur qaror ilmiy-tadqiqot faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy salohiyatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda institutda adolatli, ochiq va shaffof ilmiy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Namangan davlat pedagogika instituti rahbariyati kelgusi yillarda ilmiy salohiyatni oshirish, innovasion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish va zamonaviy ilmiy maktablar faoliyatini kengaytirish yo‘lida izchil ishlarni davom ettiradi.