Ijtimoiy tarmoqlar(Facebook)da tarqalgan xabar yuzasidan rasmiy munosabat
20.10.2024 13:31:19 4
2024-yil 2-oktyabr kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Namangan davlat pedagogika institutining Boborahim Mashrab ko‘chasi tomonidagi darvozasi yopiqligi va uni ochib qo‘yishni so‘rab anonim post qo‘yilgan.
Ushbu holat yuzasidan Namangan davlat pedagogika instituti axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi:
Boborahim Mashrab ko‘chasi tomonda joylashgan darvozani nomuayyan muddatga yopish masalasi Namangan davlat pedagogika instituti Kengashining 2024-yil 28-avgustdagi 1-sonli yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan. Kengash “institutda kirish-chiqishni tartibga solish, talabalar xavfsizligi, yo‘l harakati xavfsizligini choralarini ta’minlash maqsadida institutning Boborahim Mashrab ko‘chasi tomonidagi darvozasi orqali kirish-chiqishni nomuayyan muddatga to‘xtatish” to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Buning uchun bir qancha asoslar ko‘rsatib o‘tilgan:
birinchidan, Boborahim Mashrab ko‘chasida avtomobillar harakatining serqatnovligi, tirbandligi, ko‘chani kechib o‘tishda talabalar, professor-o‘qituvchilar uchun xavfli holatlarni yuzaga keltirayotgani;
ikkinchidan, dars mashg‘ulotlari tugaganidan so‘ng odam tashish maqsadida bo‘lgan fuqarolarning mazkur darvoza oldiga to‘planib, sun’iy tirbandlikni yuzaga keltirayotgani;
uchinchidan, kirish-chiqish ko‘p bo‘lganligi sababli mazkur hududda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan oziq-ovqat, ichimlik suvi hamda qo‘lbola usulda tayyorlangan ichimliklarning noqonuniy savdosi yuzaga kelganligi;
to‘rtinchidan, institutga dahldor bo‘lmagan shaxslarning institut hududini kesib o‘tish holatlarining ko‘payib borayotgani hamda ayrim hollarda ishchi xodimlar, talabalar bilan nizoli holatlar yuzaga kelayotgani;
beshinchidan, ta’lim muassasasi hududida o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida tinchlik, osoyishtalik hamda tartibni ta’minlash koʻzda tutilgan.
Namangan davlat pedagogika instituti axborot xizmati