English English English

NamDPI Rektori Bahodir Xusanovning 1-oktyabr O‘qituvchi va Murabbiylar Kuni Munosabati Bilan Bayram Tabrigi

  01.10.2024 10:12:55    8



NamDPI Rektori Bahodir Xusanovning 1-oktyabr O‘qituvchi va Murabbiylar Kuni Munosabati Bilan Bayram Tabrigi


Assalomu alaykum aziz ustozlar, qadrli hamkasblar!

Sizlarni barchamiz uchun eng qadrli bayram 1-oktyabr "Oʼqituvchi va murabbiylar kuni" munosabati bilan chin yurakdan tabriklayman.

Oʼqituvchi bu — nafaqat kasb, balki hayot yoʼlidir. Qanchadan qancha insonlarga ziyo ulashib, hayotiga ma'no olib kirgan sharafli yoʼldir. Biz ustoz deganda, avvalo, oʼz farzandini unutib, barcha vaqti va salohiyatini shogirdi kamoli uchun tikkan, evaziga rahmat ham kutmagan tanti va fidoyi siymolarni tushunamiz.
Xalqimizda bir naql bor: quruvchi adashsa, bir uy buziladi, shifokor adashsa, bir bemor aziyat chekadi, ammo oʼqituvchi adashsa, jamiyat tanazzulga uchraydi.
Siz shogirdlaringiz qalbida mehr-oqibat va odamiylik singari bebaho tuygʻularni uygʻota olishga qodir chinakam Ustozlarsiz.

Bugun Namangan davlat pedagogika institutida oʻzining kuchli ilmiy salohiyatiga, boy tajribasiga ega professor-oʻqituvchilari mavjud.
Bundan roppa-rosa bir yil oldin siz bilan biz oʼtgan yutuqlarimiz va kelajakdagi maqsadlarimizni sarhisob qilgan edik. Bugun shu maqsadlani roʼyobga chiqqanini oʼz koʼzimiz bilan koʼrib turibmiz.

Qisqa vaqt fursatda Namangan davlat pedagogika instituti 2 nafar fan doktori, 3 nafar falsafa doktori dissertatsiya ishini muvaffaqqiyatli himoya qilgan boʼlsa, 2 nafar professor, 2 nafar dotsent ilmiy unvonini, 1 nafar fan doktori, 2 nafar falsafa doktorlari ilmiy seminardan muvaffaqqiyatli oʼtib, dissertatsiya himoyasiga qabul qilindi.

Jumladan, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektor Qodirxonov Murodxon Rashidxonovich kimyo fanlari doktori;
Boshlangʼich taʼlim kafedrasi mudiri Аsqarova Manzura Аvazbekovna Pedagogika fanlari boʼyicha falsafa doktori;
Ijtimoiy fanlar fakulteti dekani Mutalov Saidakbar Hamidullo oʼgʼli Pedagogika fanlari boʼyicha falsafa doktori;
Pedagogika fakulteti dekani Аbdullayev Zafarbek Gʼaybullayevich tarix fanlari boʼyicha falsafa doktori;
Oʼzbek va xorijiy tillar kafedrasi oʼqituvchisi Sotiboldiyeva Dilnoza Sadriddin qizi filologiya fanlari boʼyicha falsafa doktori ilmiy darajasini olishga muvaffaq boʼldi.

Kuni kecha taʼlim sohasida ulkan xizmatlari va fidokorona mehnatlari uchun institut Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Qodirxonov Murodxon Rashidxonovich "Oliy taʼlim aʼlochisi" koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, institutning bir guruh fidoyi ustozlariga Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirining faxriy yorliq va tashakkurnomalari topshirildi.

Аziz ustozlar, yutuqlarimiz bilan bir qatorda, kelajakdagi rejalarimiz ham ulkan. 2024-yil yakuniga qadar 1 nafar fan doktori, 5 nafar falsafa doktori ilmiy darajasini, 1 nafar professor, 6 nafar dotsent ilmiy unvonlarini olish rejalashtirlgan.
Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirining buyrugʼi bilan, institut professor-oʼqituvchilari tomonidan yaratilgan 2 ta darslik, 7 ta oʼquv qoʼllanma asosiy oʼquv adabiyotlari sifatida nashrga tavsiya etildi.
Yuqori malakali ilmiy va pedagog kadrlarni tayyorlash maqsadida institut huzurida taʼlim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisoslik fanlari boʼyicha falsafa doktori ilmiy unvon darajasini beruvchi ilmiy kengash ochish rejalashtirilgan hamda institutimizning “Taʼlim va taraqqiyot" jurnali OАK da roʼyxatdan oʼtish arafasida turibdi.
Bu muvaffaqiyatlarning bari sizlarning tinimsiz mehnatingiz, uyqusiz tunlaringiz mevasidir.

Аziz ustozlar, bayramingiz yana bir bor muborak boʼlsin. Kasbiy va shaxsiy hayotingizda zafarlar tilayman.