English English English

Turkiy davlatlar tashkiloti: Shavkat Mirziyoyevning ilgari surgan strategik tashabbuslari

  07.11.2024 10:27:12    8


O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Qirg’iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov taklifiga binoan 5-6-noyabrda Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Bishkek shahrida bo’lib turibdi.


Turkiy davlatlar tashkiloti: Shavkat Mirziyoyevning ilgari surgan strategik tashabbuslari


Turkiy davlatlar tashkiloti bu turkiy tilli davlatlarning xalqaro tashkiloti boʻlib, o’zaro munosabatlar, qardoshlik va do’stona aloqalardan kuch olib nufuzli tuzilmaga aylanib bormoqda. Tashkilotning maqsadi turkiy xalqlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, madaniy almashinuvni kuchaytirish, iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni mustahkamlashdir.

O’zbekiston Respublikasi ham 2019-yilda Naxchivan bitimi ratifikatsiya qilingandan so’ng tashkilotga to’laqonli a’zo bo’ldi. O’tgan vaqt davomida ko’plab ilg’or tashabbuslarni ilgari surdi. Natijada tashkilot butunlay yangi rivojlanish bosqichiga o’tdi.  Shu kungacha O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019-2024 yillar davomida tashkilot doirasidagi ko’pqirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish bo’yicha jami 68 ta aniq tashabbuslar ilgari surildi. Bugungi kunga qadar 43 ta tashabbus amalga oshirildi, oltitasi esa yakuniy bosqichda.

Bishkekda bo’lib o’tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so’zladi. Prezident Sh.Mirziyoyev oʻz nutqida Turkiy davlatlar tashkilotining turk tilli davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim rolini ta'kidladi. U, shuningdek, tashkilot doirasidagi iqtisodiy, madaniy va gumanitar almashinuvlarning ahamiyatini belgilab oʻtdi. Turkiy davlatlar tashkiloti a'zolari oʻrtasidagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy oʻsish, balki madaniy birlikni ham ta'minlashini ta’kidladi.

Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi majlisida so’zlagan nutqida ham Prezidentimiz Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari e’tiboriga tashkilotning rivojlanishi, a'zo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va global muammolarga qarshi kurashish masalalarini qamrab olgan bir qator ustuvor yo’nalishlarni havola qildi xamda ushbu ustuvor yo’nalishlardan kelib chiqib, quyidagi tashabbuslarni ilgari surdi:

Turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy doʻstlik va qardoshligi toʻgʻrisidagi shartnomani qabul qilish;

Tarif va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish boʻyicha aniq bitim va kelishuvlar ishlab chiqish;

Savdo sohasidagi salohiyatimizni kengaytirishga qaratilgan chuqur tadqiqotlar olib borish uchun yaqin istiqbolda Toshkentda yetakchi milliy tahlil markazlarimizning anjumanini oʻtkazish;

Kelgusi yil uchun iqtisodiy forum, savdo va sanoat koʻrgazmalari, mintaqa va viloyatlarimizning oʻzaro tashrif rejalarini, davlat xaridlarida ishtirok etish, kooperatsiya va lokalizatsiya qoʻshma dasturini qabul qilish xamda bu ustuvor vazifalarni a’zo davlatlarning Bosh vazir oʻrinbosarlari zimmasiga yuklash;

Mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarga xalqaro moliya institutlari va chet el investisiya kompaniyalarini keng jalb etish maqsadida Turkiy investisiya forumini tashkil etish xamda ilk tadbirni Oʻzbekistonda oʻtkazish;

Turkiy davlatlar tashkiloti tashkiloti doirasidagi tashuvlarda elektron hujjatlar aylanmasiga oʻtish va ularni oʻzaro tan olish boʻyicha koʻp tomonlama bitimni imzolash;

Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilari alyansi bilan hamkorlikda Xalqaro logistika konferensiyasini oʻtkazish;

Kelajak iqtisodiyotini keng joriy etishga qaratilgan Raqamli turkiy dunyo konsepsiyasini ishlab chiqish;

Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻtkir ekologik muammolarga yechimlar topish maqsadida vazirlar darajasidagi Turkiy ekologik kengashni tezroq tuzish va uning birinchi uchrashuvini kelgusi yili Oʻzbekistonda oʻtkazish.

Shavkat Mirziyoyev nutqida global muammolar, xususan, iqlim oʻzgarishi, terrorizm va migrasiya masalalariga qarshi kurashish uchun a'zo davlatlarning birlashgan harakat qilishini taklif etdi. U, bu boradagi hamkorlikning muhimligini ta'kidlab, Turkiy davlatlar tashkilotining xalqaro maydondagi rolini mustahkamlash zarurligini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyevning nutqi Turkiy davlatlar tashkilotining kelajagi va a'zo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasidagi aniq strategik maqsadlarni belgilab berdi. Uning takliflari va gʻoyalari tashkilotning samaradorligini oshirish, turk tilli xalqlarning birligini mustahkamlash va global muammolarga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega boʻladi. Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasidagi muhokamalar mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Abdullayev Akmal Nasriddinovich,

Namangan davlat pedagogika instituti Gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti,
falsafa fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD)