Xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta davlat granti ajratildi
08.10.2024 18:04:16 3
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi “2024/2025-o‘quv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi F–36-son Farmoyishi bilan o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, sanʼat va hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘qish istagini bildirgan, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta davlat granti ajratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 23-avgust 2/10-1699-son xatiga muvofiq, Namangan davlat pedagogika institutiga 2024-yil 20-oktyabrga qadar mazkur davlat grantlarida ishtirok etish uchun talabgorlardan arizalar qabul qilinadi.
Tanlovlarda ishtirok etish uchun quyidagi talablar belgilanadi:
- shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar asosida o‘zi yoki ota-onasi yoxud bobomomosi:
- etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtayi nazardan o‘zini o‘zbek yoki qoraqalpoq sifatida identifikatsiya qilgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lishi;
- O‘zbekiston hududida tug‘ilib, istiqomat qilgan, biroq, hozirda xorijda doimiy istiqomat qilayotgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lishi;
- xorijiy fuqaro sifatida yuqorida qayd etilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan biriga abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tib, suhbat natijalariga ko‘ra talabalikka tavsiya etilgan bo‘lishi;
- 30 yoshga to‘lmagan bo‘lishi;
- o‘zbek tilini bilishi lozim.
O‘qish istagini bildiruvchi talabgorlar, quyidagi telefon raqamlari orqali bog‘lanib, qo‘shimcha maʼlumot olishlari mumkin.
Tel: +998 69-211-10-97, +998 69 211-11-69 E-mail: info@namspi.uz