REKTOR MUROJAATI
28.02.2026 16:18:05 106
Namangan davlat pedagogika instituti talaba-yoshlariga
>Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi bosqichida yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan ochiq muloqotda yoshlar uchun aniq vazifalar, keng imkoniyatlar va amaliy mexanizmlar belgilab berildi. Bu jarayon yoshlar salohiyati davlat rivojlanish strategiyasining markaziga qo‘yilganini yaqqol namoyon etdi.
>Bugungi kunda yurtimizda 22 milliondan ortiq yoshlar istiqomat qilmoqda. Bunday ulkan demografik salohiyat har qanday davlat uchun katta imkoniyatdir. So‘nggi yillarda yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush va 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi, sportchilarimiz esa 720 ta oltin, 671 ta kumush va 854 ta bronza medal bilan mamlakatimiz sha’nini munosib himoya qildi. Bu yutuqlar mamlakatimizda yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotganini, ta’lim va tarbiya jarayoni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi.
>Dunyoning eng nufuzli oliygohlari, jumladan Harvard University, Yale University, Princeton University, Columbia University, Cornell Universityda tahsil olayotgan yoshlarimiz sonining ortib borayotgani ham bevosita ta’lim sifati oshayotganidan dalolat beradi. TOP–100 talikdagi universitetlarda 3,5 ming nafardan ziyod o‘zbekistonlik talabalar tahsil olayotgani xalqaro maydonda raqobatbardosh intellektual avlod shakllanayotganini anglatadi. 63 ta startap loyihasining AQSh, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari bozorlariga kirib borgani va yosh tadbirkorlar mamlakatimiz biznesining 35 foizini tashkil etayotgani iqtisodiy hayotda ham yangi avlodning faol ishtiroki ortib borayotganini ko‘rsatadi.
>Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi, kredit miqdorining 100 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshirilishi, loyihaviy moliyalashtirish hajmining 10 milliard so‘mgacha yetkazilishi, innovatsion startaplar uchun 100 ming dollargacha investitsiya imkoniyatining yaratilishi hamda “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 7 yil muddatga 15 foizli kredit ajratish mexanizmining joriy etilishi yoshlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan muhim qadamlardir. Biroq har qanday moliyaviy imkoniyat bilim va kasbiy tayyorgarlik bilan mustahkamlangandagina barqaror natija beradi.
>Har yili 600 ming nafar yosh mehnat bozoriga kirib kelmoqda, 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich 1 millionga yetadi. Bu esa mehnat bozorida raqobat keskin kuchayishini anglatadi. Raqobatda ustunlikka erishish faqat zamonaviy bilim, xorijiy tillarni bilish, raqamli texnologiyalarni puxta egallash va kasbiy mahoratni muntazam oshirib borish orqali mumkin bo‘ladi.
>Namangan davlat pedagogika instituti talabalari uchun bu jarayon ikki karra mas’uliyat yuklaydi. Chunki sizlar kelajak pedagoglarisiz. Ertangi avlodning tafakkuri, bilim saviyasi va ma’naviy qiyofasi bugungi tayyorgarligingizga bevosita bog‘liq. Yangi O‘zbekistonning intellektual salohiyati ta’lim sifati bilan, ta’lim sifati esa pedagogning saviyasi bilan belgilanadi.
>Men qat’iy ishonaman, Namangan davlat pedagogika instituti talabalari yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanadi, o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqaradi va kelajak avlodni zamon talablariga mos ruhda tarbiyalaydigan yetuk pedagoglar bo‘lib yetishadi.
>Buning uchun biz ta’lim sifatini yanada oshirishni, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va raqamli texnologiyalarni keng joriy etishni, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kuchaytirishni, xalqaro hamkorlikni kengaytirishni va talabalarning tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni qat’iy davom ettiramiz. Sizlar esa bilimni chuqur egallashingiz, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishingiz, innovatsion fikrlashingiz va kasbiy mahoratingizni tinimsiz oshirib borishingiz shart. Pedagogika yo‘lini tanlagan inson o‘z zimmasiga butun bir avlod taqdirini olishini unutmasligi kerak.
>Biz kuchli ta’lim orqali kuchli jamiyatni barpo etamiz. Biz mas’uliyatli ustoz orqali Yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevorini yaratamiz. Ishonchim komil, sizlar bu yuksak vazifani sharaf bilan ado etasiz.