“SUN’IY INTELLEKT VA IQKLIM INQIROZI DAVRIDA TA’LIM: KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT”
04.12.2025 14:36:33 34
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasida “Sun’iy intellekt va iqlim inqirozlari davrida yosh avlodning ta’limini qanday tashkil etish kerak?” mavzusi global miqyosda muhokama etildi. Ushbu muhokamalar nafaqat jahon ta’lim tizimi, balki O‘zbekiston pedagogika oliygohlari uchun ham muhim strategik vazifalarni belgilab berdi.
Namangan davlat pedagogika instituti professor-o’qituvchilari, hodimlari va talabalari sifatida biz bu jarayonlarda faol ishtirok etish, kelajak o‘qituvchilarining raqobatbardoshligini ta’minlash va ta’lim sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarishni o‘z oldimizda ustuvor vazifa deb bilamiz.
- Sun’iy intellekt bo‘yicha yangi avlod o‘qituvchilarini tayyorlash – davr talabi
Dunyo shiddat bilan raqamlanib borayotgan bir paytda, sun’iy intellekt bilimlariga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga ehtiyoj keskin ortmoqda. YUNESKO ta’kidlaganidek, kelajak avlodni tayyorlash uchun pedagoglar:
- SI vositalari bilan ishlay olishi,
- raqamli tahlil va axborot xavfsizligini bilishi,
- SI asoslangan o‘qitish va baholash texnologiyalarini qo‘llay bilishi
zarur.
Institutimizda bu yo‘nalishda maxsus modullar, laboratoriyalar va malaka oshirish dasturlari joriy etilmoqda.
- Ta’limda ekologik ong va barqarorlik – global muammo, milliy mas’uliyat
Iqlim o‘zgarishi – bu faqat ekologik muammo emas, balki ta’lim tizimi oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biridir. YUNESKO sessiyasida ta’kidlanganidek, har bir o‘qituvchi:
- ekologik savodxonlikni shakllantira olishi,
- barqaror rivojlanish tamoyillarini o‘quv jarayoniga joriy etishi,
- bolalarda tabiatga mas’uliyatli munosabatni tarbiyalashi
kerak.
Institutimiz “Barqaror rivojlanish va ekota’lim” kabi yo‘nalishlarni o‘quv rejasiga integratsiya qilish bo‘yicha amaliy ishlarni yo’lga qo’ymoqda.
- Raqamli etika — shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishning eng muhim omili.
SI va raqamli vositalardan noto‘g‘ri foydalanish xavflari — yolg’on yoki asossiz ma’lumot va habarlar, shaxsiy ma’lumotlar xavfi — bugungi kunda butun jahon uchun dolzarb muammolardan sanaladi.
Institutimizda shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida:
- raqamli etika,
- internet madaniyati,
- SI etika,
- axborot xavfsizligi
kabi yo‘nalishlarda o‘qituvchi va talabalar uchun alohida o‘quv dasturlari ishlab chiqilmoqda.
- Ilmiy tadqiqotlar — institutning yangi strategik yo‘nalishi.
Biz “SI + ekologiya + pedagogika” kesishmasidagi ilmiy izlanishlarni kengaytirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik. Bu:
- milliy kadrlar salohiyatini oshiradi,
- innovatsion ta’lim modellari yaratadi,
- xalqaro reytinglarda institutning nufuzini oshiradi.
- Xalqaro hamkorlik — sifat kafolati.
Instituti Buyuk Britaniya Kembrij universiteti, Amerika Qo’shma shtatlari Michigan universiteti kabi nufuzli xalqaro ta’lim muassasalari bilan hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Bu qadamlar:
- professor-o‘qituvchilar stajirovkalari,
- xalqaro loyihalar,
- grantlar,
- innovatsion laboratoriyalar
shakllanishiga zamin yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, ta’limni raqamli va ekologik mas’uliyat asosida yangilash — ertangi kun kafolati
YUNESKO sessiyasi yana bir bor shuni ko‘rsatdiki:
ta’limni modernizatsiya qilish — bu ixtiyoriy emas, balki strategik zaruratdir.
Namangan davlat pedagogika instituti:
- sun’iy intellekt kompetensiyalariga ega o‘qituvchilar tayyorlash,
- ekologik ong va barqarorlikni o‘quv jarayoniga integratsiya qilish,
- raqamli etika va bolalar xavfsizligi bo‘yicha ta’lim standartlarini yangilash,
- xalqaro tajribaga tayangan ta’lim ekotizimi yaratish
borasida o‘z sa’y-harakatlarini izchil davom ettiradi.